Toqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285-son Farmonining o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi hududida joylashgan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash punktlarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish maqsadida qabul qilingan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan «O‘zpaxtasanoat» AJ va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hududida joylashgan 16ta paxta tozalash korxonasi va 68ta paxta tayyorlash punkti xatlovdan o‘tkazilib, ularning holati baholangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285-son Farmoni bilan tashkil etilgan Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi komissiya tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hududida joylashgan 1-ilovaga muvofiq paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash punktlarining bino hamda inshotlarini ularning tashkilotchilariga 5 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan baholash qiymatida sotish, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilari tomonidan ularning hududida joylashgan paxta tozalash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan 2018 yilda paxta xomashyosini qaytarib berish va ijara asosida qayta ishlash uchun foydalanish to‘g‘risidagi masalalarni paxta tozalash korxonalari aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishlarida ko‘rib chiqish uchun kiritish tavsiya etilgan.
Paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash punktlarining bino hamda inshootlari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari hamda klasterlari tashkilotchilariga ishlab chiqarishni 2 yildan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida modernizatsiyalash sharti bilan sotiladi.
Paxta tozalash korxonalari va tayyorlov punktlarining ishlab turgan uskunalari va boshqa asosiy vositalari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari hamda klasterlari tashkilotchilariga ijaraga modernizatsiyalash amalga oshiriladigan davrgacha berilishi mumkin, shuningdek, mulk va yer solig‘i hamda amortizatsiya ajratmalari hisobga olingan holda, davlat mulki uchun belgilangan eng kam stavkalar bo‘yicha beriladi.
«O‘zpaxtasanoat» AJ O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu qarorga 1-ilovada qayd etilgan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash punktlarining bino hamda inshootlari bir oy muddatda baholanishini, paxta tozalash korxonalari boshqaruv organlarining yig‘ilishlarini ikki oy muddatda o‘tkazish tashabbusini va Ishchi komissiyaga ko‘rib chiqish uchun tavsiya etilgan (ushbu qarorning 1-bandi «b» kichik bandiga muvofiq) masalalar kun tartibiga kiritilishini, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilari bilan tegishli shartnomalar tuzilishini ta'minlaydi.